O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgustdagi farmoni bilan yanvardan buyon fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Prezident davlat maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Ruslanbek Davletovni adliya vaziri lavozimiga tayinladi.

Ruslanbek Davletov adliya vaziri lavozimiga davlat rahbarining boshqa farmoni bilan Hisob palatasiga rais etib tayinlangan Muzraf Ikromovning o‘rniga tayinlandi. U Adliya vazirligi rahbariyatini 2015 yil fevralidan buyon boshqarib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Ruslanbek Davletov avval adliya vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. To‘rtta oliy ta’lim muassasasi, jumladan Buyuk Britaniyadagi Varvik universiteti bitiruvchisi hisoblanadi.

Mehnat faoliyatini 2001 yilda Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan. Keyinroq mazkur qo‘mitaning bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.

2004—2012 yillarda Vazirlar Mahkamasining huquqiy ekspertiza va xalqaro shartnomalar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi, 2012—2014 yillarda — Oliy sud qoshidagi sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari, direktor v. b. lavozimlarida faoliyat olib borgan.

2014—2016 yillarda Prezident devonining Oliy Majlis, siyosiy va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik xizmatining Senat va Qonunchilik palatasi tuzilmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sektori mudiri bo‘lgan.