O‘zbekiston Tashqi savda vazirligi qoshidagi «O‘ztreyd» kompaniyasi va Rossiyaning «La Mare» riteyleri vakillari 11 avgust kuni Moskvada hamkorlikdagi «O‘ztreyd LM» savdo uyini ochish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi.

«O‘ztreyd» O‘zbekiston fermer va dehqon xo‘jaliklari yetishtirgan meva-sabzavot mahsulotlarini tizimli ravishda eksport qilish bilan shug‘ullanadi.

Tashqi savdo vazirligining «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, savdo uyini sentyabr oxiri, oktyabrning boshlarida ochish rejalashtirilmoqda. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, savdo uyi ochilgandan yil oxiriga qadar 10 ming tonna yangi, quritilgan va qayta ishlangan sabzavot hamda mevalar yetkazib beriladi. «La Mare» X5 Retail Group, «Ashan», «Metro», O’KEY, «Azbuka vkusa», «Magnit», «Globus Gurme», «Aliye Parusa», «Globus», «Magnoliya» va «Giperglobus» kabi tarmoq mijozlar bilan hamkorlik qilib keladi. HoReCa segmenti bo‘yicha Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Sochi va boshqa shaharlarida, shuningdek Qozog‘istondagi — Hyatt, Baltschug Kempinski, Metropol, Mariott, Ritz Carlton, Renaissance, Radisson, Novikov Group, Ginza project, White Rabbit mijozlari hisoblanadi.