O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni Butunjahon taekvondo federatsiyasi (World Taekwondo) prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi, deb xabar qildi O‘zA.

Davlat rahbari xalqaro sport tashkiloti rahbariga O‘zbekistonda taekvondoni, avvalo, yoshlar o‘rtasida ommalashtirishga qo‘shayotgan shaxsiy hissasi va amaliy sa’y-harakatlari uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Bugungi kunda ushbu jangovar san’at turi bilan 20 mingdan ziyod O‘zbekiston fuqarosi shug‘ullanmoqda. 1993 yil Taekvondo milliy assotsiatsiyasi tashkil etildi. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida faoliyat ko‘rsatayotgan taekvondo kafedrasida malakali murabbiylar tayyorlanmoqda. Mamlakat sportchilari yirik xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda yirik xalqaro turnirlarni muntazam o‘tkazish, Butunjahon federatsiyasining Prezidentning tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy universitetida tashkil etilayotgan taekvondo fakulteti faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, O‘zbekiston yoshlarini sportga keng jalb qilishga qaratilgan boshqa tadbirlarda ishtirok etish masalalari muhokama etildi.

Cho Chung Von Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va O‘zbekistonda taekvondo va boshqa sport turlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun chin dildan minnatdorlik izhor etdi. Butunjahon taekvondo federatsiyasi O‘zbekiston bilan yangi qo‘shma loyihalar va keng ko‘lamli hamkorlik dasturlarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

11−13 avgust kunlari Toshkent shahrida Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogi uchun birinchi Osiyo mintaqasi musobaqasi bo‘lib o‘tadi.

Taekvondoni ommalashtirish, O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasi e’tirofi sifatida Cho Chung Von Toshkent shahrining faxriy fuqarosi va Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining faxriy fan doktori unvoniga sazovor bo‘ldi.