Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 avgust kuni «Nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan O‘zbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish hamda sportchilarni va ularning trenerlarini rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda O‘zbekistonning mashhur sportchilarini jismoniy tarbiya va sport sohasini boshqarishga faol ko‘maklashish, jamoat va sport ishlariga bosqichma-bosqich jalb etishga doir «Katta sportdan keyingi faoliyat» harakatlar dasturi ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.

Xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishgan sportchilarga umrbod to‘lanadigan oylik to‘lovlar, ularning trenerlariga esa bir martalik pul mukofotlari bilan taqdim etiladi. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar uchun umrbod to‘lanadigan oylik to‘lovlar va ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan daromad solig‘isiz amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

2018−2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya institutida sirtqi bo‘lim ochish rejalashtirilmoqda. Bu, o‘z navbatida, sportchilarga mashg‘ulot va musobaqalar bilan bog‘liq faoliyatlaridan ajralmagan holda ta’lim olishlariga hamda jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi bilimlarini oshirishga va kelajakda murabbiylar safiga qo‘shilishlariga imkoniyat yaratadi.

Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olib va sovrindorlari bir yilda bir marta o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan muddatda sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lomlashtirish kursidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladilar.

Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlari, mamlakatimizning nufuzli sport musobaqalari g‘olib va sovrindor sportchilari trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy-metodik ta’minlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazida 3 va 6 oylik qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslari tashkil etilishi va O‘zbekistonning mashhur sportchilariga trenerlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozli ravishda ruxsat berish tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning mashhur sportchilariga xususiy sport muassasalarini barpo etib, o‘zlarining mahorat maktablari faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish imkoniyatini yaratish maqsadida ularga «nol» qiymatida binolar berish, yer hamda banklardan kreditlar ajratish, boshqa imtiyozlar berish yuzasidan zarur choralar ko‘rish belgilandi.