11 avgust kuni Toshkentda 1979 yili Dneprodzerjinskiy osmonida ro‘y bergan aviahalokatda vafot etgan «Paxtakor» jamoasi o‘yinchilari xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi (O‘FF) matbuot xizmati xabar qildi.

Halokat sodir bo‘lganiga 38 yil to‘lishi munosabati bilan «Paxtakor» stadionidagi jamoa yodgorligi qarshisida futbol jamoatchiligi, jumladan O‘FF faxriylari kengashi raisi Narimon Jalolov va «Paxtakor-79"ning sobiq hujumchisi To‘lagan Isoqov jam bo‘ldi.

Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari aviafalokat oqibatida dunyodan ko‘z yumgan futbolchilar sharafiga o‘rnatilgan yodgorlikni ziyorat qilish uchun «Botkin» qabristoniga tashrif buyurishdi.

5−9 avgust kunlari 2002 yillarda tavallud topgan bolalar o‘rtasida «Paxtakor-79» xotirasiga bag‘ishlangan «Xotira qanotlari» turniri bo‘lib o‘tdi. Finalda «Paxtakor» va «Yangiyer» jamoalari o‘zaro bahs olib bordi. O‘yinning ikkinchi bo‘limda kiritilgan yagona to‘p o‘yin taqdirini hal qildi va Dilshod Nuraliyev bosh murabbiyligidagi yosh «Paxtakor» jamoasi xotira turniri g‘oliblariga aylandi.

1979 yili 11 avgust kuni Dneprodzerjkiy osmonida ikkita Tu-134A samolyoti to‘qnashib ketgan edi. 178 kishi (165 yo‘lovchi va 13 ekipaj a’zosi), jumladan o‘sha vaqtda oliy ligada muvaffaqiyatli to‘p surayotgan «Paxtakor» jamoasining 17 a’zosi hayotdan ko‘z yumdi.

«Paxtakor-79» jamoasi

  • Sergey Pokatilov, darvozabon, 28 yosh;
  • Nikolay Kulikov, himoyachi, 26 yosh;
  • Alim Ashirov, himoyachi, 24 yosh;
  • Ravil Agishev, himoyachi, 20 yosh;
  • Yuriy Zagumennыx, himoyachi, 32 yosh;
  • Mixail An, yarimhimoyachi, 26 yosh;
  • Konstantin Bakanov, yarimhimoyachi, 24 yosh;
  • Aleksandr Korchenov, yarimhimoyachi, 30 yosh;
  • Vladimir Makarov, yarimhimoyachi, 32 yosh;
  • Viktor Churkin, hujumchi, 27 yosh;
  • Sirojiddin Bazarov, hujumchi, 18 yosh;
  • Shuxrat Ishbutayev, hujumchi, 20 yosh;
  • Vladimir Sabirov, hujumchi, 21 yosh;
  • Vladimir Fedorov, hujumchi, 23 yosh;
  • Idgay Tazetdinov, murabbiy, 46 yosh;
  • Vladimir Chumakov, jamoa shifokori, 46 yosh;
  • Mansur Talibdjanov, jamoa ma’muri.