O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 avgust kuni «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi» loyihasi bo‘yicha ishlarni boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi, xabar berdi O‘zA

Mart oyida davlat rahbari kombinatni 2030 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish dasturini tasdiqlagan edi. Dastur doirasida mis ishlab chiqarishni 1,4 barobar, qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni 33 foizga oshirish belgilangan.

Loyihani o‘zlashtirish jarayonida bitta temir yo‘lni yangi joyga o‘tkazish, ikkita yangi temir yo‘l qurish, avtomobil yo‘llari barpo etish ko‘zda tutilgan. Uzunligi 1,4 kilometrlik tunnel va 3,1 kilometr konveyer yo‘li quriladi, ishlab chiqarish, transport, energetika va boshqa infrastruktura ob’ektlari barpo etiladi. Yangi mis-boyitish kompleksi, misni elektroliz qilish, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish sexlari va boshqa infratuzilma ob’ektlari quriladi.

Loyiha 2028 yilda to‘liq quvvat bilan ishga tushadi. Natijada 10 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari yosh mutaxassislar uchun 2017−2021 yillarda 400 oilaga mo‘ljallangan to‘qqizta yangi ko‘p qavatli uy, maktabgacha ta’lim muassasasi va 240 o‘rinli ikkita yotoqxona barpo etiladi.

Ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan eksportga chiqariladi.

Marosimda nutq so‘zlagan Shavkat Mirziyoyev shunday dedi: «Yurtimiz yer osti boyliklariga boy, lekin biz undan unumli foydalana olmayapmiz. Biz geologiya sohasini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratmadik. Endi bu yo‘nalishdagi ishlarni tubdan yaxshilaymiz va sohani tubdan takomillashtiramiz».

«Kechagi kun bilan yashash vaqti o‘tdi. Bugun zamon o‘zgarmoqda, biz ham shu shiddatga mos ravishda o‘zgarishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari mazkur loyihani kadrlar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Mazkur tarmoqda ishlayotgan yoshlarning ko‘pligini inobatga olib yangi ochilgan konga «Yoshlik» koni, deb nom berishni taklif qildi. Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yildi.