Eng so‘nggi avtobus bekatlarining tugatilishi so‘nggi yillarda Toshkent metropolitenida yo‘lovchilar oqimiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisi o‘rinbosari, «Toshkent metropoliteni» boshlig‘i Oybek Xudoyqulov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klubda ma’lum qildi.

«2010-yillarda metroning „Olmazor“ (sobiq „Sobir Rahimov“ — tahr.), „Do‘stlik“ („Chkalov“), „Beruniy“ bekatlari avtobus stansiyalaridan to‘lar edi. Biroq eng so‘nggi avtostansiyalarning tugatilishi tashish hajmining kamayishiga olib keldi. 2014—2015 yillarda biz uncha yaxshi bo‘lmagan davrni boshdan kechirdik. 2014 yilni 14 mlrd so‘mlik, 2015 yilni esa 10 mlrd so‘mlik zarar bilan yakunladik», — dedi u.

Ayni paytda Toshkentda yo‘lovchilarni metropolitenga jalb etish uchun avtobus yo‘nalishlari qayta ko‘rib chiqilmoqda, deya qayd etdi Oybek Xudoyqulov. Metropoliten tashish rentabelligini oshirish uchun yo‘nalishni takrorlovchi yer usti transporti yo‘nalishlari olib tashlanadi, metro stansiyalariga olib boruvchi avtobuslar yo‘nalishlari davomiyligi va sxemalari qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Metropoliten 2027 yilga qadar bir qator soliqlarni to‘lashdan ozod qilindi. «Bu biz oyoqqa turib olishimiz uchun amalga oshirildi», — dedi metropoliten rahbari.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Yunusobod yo‘nalishida yangi bekatlar hamda Sergeli tarmog‘i ishga tushganidan so‘ng yo‘lovchilar oqimi 50 foizga — kuniga 200 mingdan 300 mingga oshadi.

Toshkent metropolitenini 2030 yilgacha rivojlantirish rejasiga muvofiq, 10 ta yangi metro stansiyasi qurilishi rejalashtirilmoqda, dedi Oybek Xudoyqulov. 22 kilometrlik yer osti, 102 kilometrlik yer usti liniyalarini yotqizish, umumiy masofani 160 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan. Bugungi kunda poytaxt metrosi 29 ta stansiyadan iborat bo‘lib, umumiy uzunligi 36,2 kilometrni tashkil etadi.

Hozirda xitoy mutaxassislari bilan hamkorlikda O‘zbekiston yo‘nalishining ikkita stansiyasi («Beruniy"dan Qoraqamish tomonga), Chilonzor yo‘nalishining uchta stansiyasi («Buyuk ipak yo‘li"dan TTZ mavzesigacha) va Yunusobod yo‘nalishining beshta stansiyasi («Ming o‘rik"dan Janubiy vokzalgacha) loyihalari ustida ish olib borilmoqda.