Baxtiyor Sayfullayev O‘zbekiston Madaniyat vazirligiga rahbar bo‘ldi, deb xabar qildi «Gazeta.uz"ning hukumatdagi axborot manbasi. U mazkur lavozimga fevral oyidan buyon vazirlikni boshqarib kelayotgan Mahmud Murodov o‘rniga tayinlandi.

Baxtiyor Sayfullayev 2012 yildan buyon Mannon Uyg‘ur nomidagi O‘zbekiston davlat madaniyat va san’at instituti rektori sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi. Bunga qadar — 2005 yildan — madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari edi.

Mahmud Murodov Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri direktorligiga tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 8 avgustdagi qarori bilan madaniyat vaziri bir vaqtning o‘zida Davlat konservatoriyasi rektori ham hisoblaniladi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari Minxojiddin Xojimatov o‘rniga esa xonanda Ozodbek Nazarbekov tayinlandi. U bunga qadar qisqa muddat «Yoshlar» teleradiokanali rahbari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.