O‘zbekiston harbiy muhandislari Rossiya, Belarus, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Xitoyning 22 ta poligonida bo‘lib o‘tayotgan Xalqaro armiya o‘yinlari doirasida «Xavfsiz marshrut» tanlovida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Unda 28 davlatdan harbiy xizmatchilar ishtirok etmoqda, deya xabar berdi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Rossiyaning Tyumen viloyatida joylashgan poligonda O‘zbekiston harbiy muhandislari nomidan katta leytenant, leytenant, serjant, kichik serjant va askarlardan iborat jamoa tanlovda qatnashdi. 10 avgust kuni tanlov sovrindorlari Toshkentdagi aeroportda tantanali ravishda kutib olindi.

O‘zbekiston harbiy xizmatchilari tankaga qarshi minalarni qidirish va yo‘q qilish hamda bronotexnikalar o‘tishi uchun xavfsiz yo‘lak ochish bo‘yicha bellashdi. Harbiy musobaqa shart-sharoitlari jang holatiga maksimal yaqin bo‘lishi uchun 6000 metrga yaqin bellashuv yo‘lagiga 250 dan ziyod imitatsion, signal va portlovchi-yonuvchi zaryadlardan iborat elektroportlovchi tarmoq yotqizib chiqildi. Musobaqa Su-24 front bombardimonchisi va Mi-8 transport-jangari vertolyotlarining shartli aviazarbalari sharoitida boshlandi.

Muhandis-sapyorlar bo‘linmasi maydonga o‘rnatilgan o‘quv o‘q-dorilarni aniqlashi va yo‘q qilishi kerak bo‘ldi. Shundan so‘ng jamoalardan 20 metr uzunlikdagi og‘ir mexanizatsiyalashgan ko‘prikni o‘rnatish va u orqali muhandislik to‘siq mashinalari bilan o‘tishlarni tashkil etish talab qilindi.

Foto