Toshkent hokimiyati yil oxiriga qadar chiqindi uchun qutilar yetishmasligi muammosini hal etishga qaror qildi. bu haqda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Saidumar Aglayev ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, shaharda chiqindi qutilari yetishmasligi kuzatilmoqda, biroq vaziyat ko‘pchilik fuqarolar o‘ylaganchalik juda ayanchli ahvolda emas.

«Me’yorga ko‘ra 15 ming dona urna o‘rnatilgan bo‘lishi kerak, ayni paytda esa shaharda ular soni 12 mingtani tashkil etadi. Va bu xususiy tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan urnalar hisobga olinmagandagi vaziyat. Yetishmayotgan 3000 ta urnani o‘rnatish uchun hokimiyat 200 mln so‘m ajratdi», — dedi Saidumar Aglayev.

Shu bilan birgalik, u yuqorida aytib o‘tilgan me’yor sobiq ittifoq davrida qabul qilingani, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hozirgi vaqtda urnalarni o‘rnatish bo‘yicha yangi normativlarni ishlab chiqayotganini ma’lum qildi.

«Ko‘chalar gavjumligiga qarab urnalar har 50, 10 yoki 200 metrga o‘rnatiladi», — deya aniqlik kiritdi boshqarma rahbariyati vakili.

Yaqindagina Amir Temur shoh ko‘chasida yangi namunadagi chiqindi qutilarini o‘rnatish ishlari yakuniga yetdi. Ular metaldan tayyorlangan bo‘lib, yerga boltlar yordamida qotirilgan.

Konteyner.uz brendi ostida urnalar ishlab chiqarayotgan kompaniyaning «Gazeta.uz» muxbiriga ma’lum qilishicha, birinchi bosqichda sinov tariqasida hokimiyat buyurtma bergan 366 ta urnaning 300 tasi o‘rnatib chiqildi.

Yana bir boshqa tashkilot esa 300 ta beton urnalarni taqdim etdi. Sinov muddati yakuniga yetganidan so‘ng bunday urnalarning kelgusida ham o‘rnatilishi to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Matbuot anjumanida yangi tipdagi avtobus bekatlarini qurish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi. Obodonlashtirish boshqarmasi yo‘l-ko‘prik xo‘jaligi bo‘lim boshlig‘i Mohirjon Turopovning xabar berishicha, shaharda 350 ta bekat yetishmaydi.

«Yaqin kunlarda 10 ta oynavand bekatni sotib olish uchun mablag‘ ajratildi. Shuningdek xususiy tadbirkorlar takliflari ham bor, hozirda ular komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda», — dedi u.