O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 avgust kuni mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) prezidenti Szin Litsyunni qabul qildi, deb xeber berdi O‘zA.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston Respublikasida umumiy qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan istiqbolli loyihalarni — suv xo‘jaligi ob’ektlarini modernizatsiya qilish, energetika infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy avtomobil yo‘llari qurish, temir yo‘llarni elektrlashtirish va poytaxt metropoliteni tarmog‘ini kengaytirish va boshqa loyihalarni amalga oshirishga doir o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xususiy investitsiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qilish mexanizmini yaratish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari mavjudligi alohida ta’kidlandi.

Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki prezidenti Szin Litsyun Prezident Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik izhor etdi. Bank O‘zbekiston bilan uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlik qilishga tayyor ekanini alohida ta’kidladi.

2015 yilda tashkil etilgan va bosh qarorgohi Pekinda joylashgan OIIB 57 ta ishtirokchi davlatni o‘zida birlashtirgan bo‘lib, tashkilotning ustav kapitali 100 mlrd dollarni tashkil etadi. Bugungi kunda bank dunyoning turli mamlakatlarida 17 investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda faol qatnashmoqda.

O‘zbekiston 2016 yilning noyabr oyida bankni ta’sis etish to‘g‘risidagi bitim doirasida davlatning ichki tartib-taomillarini bajardi va ushbu xalqaro moliya institutining teng huquqli a’zosi bo‘ldi.