O‘zbekiston Prezidenti 8 avgust kuni Davlat konservatoriyasi faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlar dasturini tasdiqladi.

Musiqa san’atini rivojlantirish, yoshlarning madaniy saviyasini yuksaltirish dasturning asosiy yo‘nalishlaridan sanab o‘tilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, mutasaddi tashkilotlar tomonidan yetarli darajada amaliy yordam va ko‘mak berilmagani, tegishli nazorat olib borilmagani, mas’uliyat va talabchanlik bo‘shashtirib yuborilgani oqibatida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi mamlakat madaniy hayotidagi o‘zining yetakchi o‘rni, obro‘-e’tibori va ta’sirini yo‘qotib borayotgani, uning faoliyati bugungi zamon talablaridan orqada qolayotgani, bu borada kechiktirmasdan hal qilish zarur bo‘lgan bir qancha jiddiy muammolar mavjudligi yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Jumladan, ta’lim-tarbiya ishlarining zamonaviy standartlar va sohaning o‘ziga xos xususiyatlari asosida to‘g‘ri tashkil etilmagani, o‘quv dasturlari va metodikasining mukammal emasligi, darslik va qo‘llanmalarning yetishmasligi, professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ijodiy xodimlarning salohiyati aksariyat hollarda talabga javob bermasligi, konservatoriyaning moddiy-texnik bazasi nochor ahvolga kelib qolgani tashvish uyg‘otmasdan qolmaydi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘qishga qabul qilish kvotalarida nomutanosiblik vujudga kelgani, xususan, 700 nafar o‘quv o‘rni mavjud bo‘lgani holda, amalda 1346 nafar talaba tahsil olayotganini albatta normal holat sifatida baholab bo‘lmaydi.

Qarorga muvofiq, endilikda madaniyat vaziri bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining rektori hisoblanadi.

O‘quv binolari yetishmaganligi sababli Mustaqillik prospektidagi V.Uspenskiy nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi joylashgan konservatoriyaning eski binosi Davlat konvervatoriyasiga beriladigan bo‘ldi.

Buxoro ko‘chasidagi bunga qadar Respublika fond birjasiga tegishli bo‘lgan (bu yerda avval konsert zali bo‘lgan) bino ham Davlat konservatoriyasi tasarrufiga o‘tkazilib, ushbu binoda jahon andozalariga to‘liq mos bo‘lgan, akademik jamoalarning badiiy dasturlari namoyish etiladigan, jonli ijroga mo‘ljallangan zamonaviy konsert zali barpo etiladi.

2018−2019 yillarda musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va 400 o‘rinli yotoqxona binolarini qurish va jihozlash rejalashtirilgan.

Har yili yosh ijrochilar va texnogen san’at turlari mutaxassislarini xorijdagi nufuzli musiqa akademiyalari va konservatoriyalariga o‘qishga yuborish, iqtidorli o‘quvchi va talabalarning mamlakatda, xorijiy davlatlarda o‘tkazib kelinayotgan nufuzli tanlov, festival va ilmiy-ijodiy konferensiyalarda ishtirok etishlarini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Davlat konservatoriyasining yuqori malakali xodimlar, jumladan, iqtidorli yosh mutaxassislar uchun munosib turarjoy sharoitlarini yaratish maqsadida imtiyozli ipoteka kreditlari asosida Toshkentda quriladigan ko‘p qavatli uylardan uy-joylar ajratilishi belgilandi.