8 avgust kuni Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlari o‘rtasida elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi, deb xabar qildi O‘zA. Prezident Shavkat Mirziyoyev 22−23 iyun kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi davomida Qo‘qon, Marg‘ilon va Andijon shaharlari o‘rtasida elektrichka qatnovini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan edi.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan ushbu yo‘nalishlar uchun 5 elektrichka modernizatsiya qilindi. Natijada transport vositalarining tashqi va ichki qiyofasi butunlay o‘zgardi. Vagonlarga konditsioner, zamonaviy o‘rindiqlar o‘rnatildi. Xorijdan yana 10 elektropoyezd keltirish rejalashtirilgan. Har bir elektrichka 6 vagondan iborat.

Birinchi sinov muddatida qatnaydigan poyezdlar yengil avtomobilga nisbatan 40 daqiqa tezroq manzilga yetib bormoqda. Poyezd soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanadi. Bag‘dod, Oltiariq tumani, Marg‘ilon shahri, Quva tumani va Asaka shahriga to‘xtab o‘tadi.