Aziz Abduhakimov Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqdagi farmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 avgust kuni imzoladi.

Aziz Abduhakimov bu tayinlovga qadar bandlik va mehnat munosabatlari vaziri lavozimida faoliyat yuritgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining avvalgi raisi Anvar Sharopov «boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan» lavozimidan ozod etildi.

Aziz Abduhakimov (1974 yilda tug‘ilgan) 2014 yil yoz oyidan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligini boshqargan. Mazkur vazirlik 2016 yil fevral oyida Mehnat vazirligiga , joriy yilning may oyida esa Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga o‘zgartirilgan.

Avvalroq Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida faoliyat olib borgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 2016 yil dekabrda «O‘zbekturizm» Milliy kompaniyasi negizida tashkil etildi.