Taniqli germaniyalik avtosayohatchi va avtopoygachi Rayner Sitlou (Rainer Zietlow) “Yangi Tiguan — Buyuk Ipak yo‘li” deb nomlangan avtosayohat doirasida jahon rekordini o‘rnatmoqchi. 7 avgust kuni Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasida u bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, Rayner Sitlou Shanxay shahridan Venetsiya shahrigacha bo‘lgan 12.300 km.lik masofani Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan quyidagi 11 davlat orqali bosib o‘tishni rejalashtirgan: Xitoy, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Eron, Turkiya, Bolgariya, Serbiya, Xorvatiya, Sloveniya va Italiya.

Rayner Sitlou va uning jamoasi Shanxaydan Venetsiyagacha bo‘lgan masofani Kaluga shahrida ishlab chiqarilgan yangi Volkswagen Tiguan TSI 150 o.k. avtomashinasida 6 kundan kamroq muddatda bosib o‘tish va shu orqali jahon rekordini o‘rnatishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
Mazkur loyihaga 20 avgust kuni Shanxayda start beriladi. 25 iyuldan boshlab esa jamoa Venetsiyadan Shanxaygacha bo‘lgan trassa bilan tanishib kelmoqda. Rekord o‘rnatish yo‘lidagi taxminan 1.000 km masofa O‘zbekiston hududidan o‘tadi. Mazkur rekordni o‘rnatishda Rayner Sitlouga rossiyalik avtojurnalist Petr Bakanov va fotograf Dimitriy Makarov hamrohlik qilishadi.

Rayner Sitlou 2005 {0f7de777} buyon o‘zining rekord urinishlarida bosib o‘tiladigan har bil kilometr uchun 10 sent miqdorida xayriyaga ajratadi va butun dunyo bo‘ylab joylashgan SOS Bolalar mahallalarini qo‘llab-quvvatlab keladi. Bu safargi loyihasida mazkur maqsadni amalga oshirish uchun Rayner Sitlou O‘zbekistonni tanladi va Shanxaydan Venetsiyagacha bo‘lgan 12.300 km.lik masofa uchun jami 1230 yevro miqdoridagi mablag‘ni 6 avgust kuni Samarqand shahrida joylashgan SOS Bolalar mahallasiga topshirdi.

O‘zining so‘nggi rekord urinishida Rayner Sitlou 2017 yil aprel oyida Dakardan Moskvagacha bo‘lgan 8.000 km masofani 3 kunu 3 soat vaqt orasida bosib o‘tgan edi.

Rayner Sitlouning faoliyatini va uning “Yangi Tiguan — Buyuk Ipak yo‘li” nomli loyihasini quyidagi veb-sahifalar orqali kuzatib borish mumkin:
www.challenge4.de / www.tiguan-silkroad.com