O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov 7 avgust kuni idoralararo yig‘ilish o‘tkazdi. Unda joriy yilning 5 iyul kuni vazirning vatandoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti doirasida ko‘tarilgan masalalarni yechish yuzasidan qilinayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Bu haqda TIVning matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Prezident Devoni, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat personallashtirish markazi, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va boshqa davlat tuzilmalari vakillari ishtirok etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan fuqarolarning chet elga borish ruxsatnoma yozuvi stikerini bekor qilish hamda xorijga chiqish pasportini bosqichma-bosqich joriy etishni ko‘zda tutuvchi, fuqarolikdan chiqishni rasmiylashtirish hamda xorijga kelgan fuqarolarning mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya berish tartibini soddalashtirish to‘g‘risidagi davlat rahbari qarorlari loyihalari hamda qonunchilikka, qonun osti hujjatlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha boshqa takliflar tayyorlangani va idoralararo kelishuv bosqichida turgani xabar qilindi.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining mehnat migrantlarini tegishli ijtimoiy paket, jumladan zarur yashash-maishiy sharoit, munosib ish haqi darajasi va boshqa imtiyozlar bilan ta’minlashni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston fuqarolarini ishga yollashni tashkillashtirish bo‘yicha yirik xorijiy hamkorlar bilan ikki tomonlama bitimlar tuzish bo‘yicha faoliyati qo‘llab-quvvatlandi.