Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan milliy kinematografiyani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Hujjatda qayd etilishicha, mamlakat kino san’ati bir asrdan ziyod tarixga ega bo‘lib, o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Biroq bugun jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilashning ustuvor vazifalari barcha soha va tarmoqlar qatorida kino san’ati faoliyatini ham takomillashtirish, soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishni talab etmoqda.

«Kinematografiya sohasida normativ-huquqiy bazaning mukammal emasligi, kino ishlab chiqaradigan yetakchi korxonalar, jumladan „O‘zbekfilm“, „Qoraqalpoqfilm“ hamda „Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar“ kinostudiyalarining moddiy-texnika bazasi jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — deyiladi qarorda.

Qaror bilan «O‘zbekkino» Milliy agentligi markaziy apparati va uning hududiy bo‘linmalari (jumladan «Qoraqalpoqfilm»), shuningdek «O‘zbekkino» qoshida tashkil etilgan Kino arboblari ijodiy uyushmasining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi.

«O‘zbekkino» Milliy agentligi uchun davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlarining quyidagi prognoz ko‘rsatkichlari belgilandi:

  • 2018 yilda — 20 ta, 2020 yildan boshlab — 30 tadan to‘liq metrajli badiiy filmlar ishlab chiqarish;
  • 2018 yilda — 40 qismdan iborat 20 ta, 2019 yilda — 50 qismdan iborat 25 ta va 2020 yildan boshlab — 60 qismdan iborat 30 ta hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar ishlab chiqarish;
  • multiplikatsion filmlarni 2018 yilda 15 ta, 2022 yildan boshlab har yili 50 tadan ishlab chiqarish;
  • yosh kino ijodkorlarning 10 soatdan iborat qisqa metrajli filmlari, bolalar uchun yumoristik kinojurnallar suratga olish;
  • davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan filmlarni jahon bozoriga chiqarish va festivallarda namoyish etish uchun chet tillarga subtitrlashtirish va dublyaj qilish;
  • milliy kinematografiyaning eng sara asarlarini tiklash, restavratsiya qilish va zamonaviy formatga o‘tkazish.

Yosh kino ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida «O‘zbekkino» huzurida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etildi.

Qaror bilan kinofilmlar namoyishini samarali tashkil etish, aholi, ayniqsa yoshlarga madaniy xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish maqsadida mamlakatidagi mavjud yoshlar markazlari, madaniyat va aholi dam olish markazlari, litsey va kollejlarning binolaridan foydalangan holda, «O‘zbekkino» Milliy agentligi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tarkibida kichik kinostudiyalari va zamonaviy formatdagi kinozallari bo‘lgan mintaqaviy madaniy-ko‘ngilochar komplekslar ochiq tasdiqlandi.

Kelgusi yildan boshlab kinematografiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash maqsadida «O‘zbekkino» Milliy agentligi qoshida atoqli kino ijodkorlar dars beradigan malaka oshirish kurslari va «Mahorat maktablari» tashkil etiladi. Bundan tashqari, yosh, iste’dodli va istiqbolli kino ijodkorlari malakasini oshirish maqsadida ularning tegishli yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda tahsil olishiga zarur shart-sharoitlar yaratiladi.

«Respublika kinofondi» davlat unitar korxonasi 2020 yil 1 yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tadi.