O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 15−17 avgust kunlari ikki tomonlama hamkorlik hamda o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish hukumatlararo komissiya majlislarida qatnashish uchun amaliy tashrif bilan Cho‘lpon-Otaga (Qirg‘iziston) boradi.

Majlisga tayyorgarlik 7 avgust kuni hukumat rahbari bilan Qirg‘iziston bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov o‘rtasidagi telefon suhbatida muhokama qilindi, deb xabar berdi Qirg‘iziston hukumati sayti.

Abdulla Aripov suhbat chog‘ida O‘zbekiston oktyabrda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tadigan o‘zbek madaniyati kuni o‘tkazilishiga tayyorligini tasdiqladi. Shuningdek u 3 avgustda Issiq-Ko‘l viloyati hududida avtohalokatga uchragan O‘zbekiston fuqarolariga o‘z vaqtida yordam berganligi uchun Qirg‘izistonga minnatdorchilik bildirdi.

Sooronbay Jeenbekov o‘z navbatida o‘zbek tomoniga O‘shda 630 o‘rinli umumta’lim maktabi qurilishi to‘g‘risidagi qaror uchun minnatdorchilik bildirdi.