2017 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 13,8 foizga o‘sib, 6,556 trln so‘mga (1,85 mlrd dollar ekvivalenti) yetdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Xorijiy qo‘yilmalarning umumiy tuzilmasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya va kreditlar ulushi 85,5 foiz, davlat kafolati ostida jalb qilinganlari esa 14,5 foizni tashkil etdi.

Birinchi yarim yillikda xorijiy investorlar yonilg‘i-energetika sohasiga eng ko‘p sarmoya kiritdi — 67,6 foiz (2016 yilning yanvar-iyunida — 32,7 foiz). Telekommunikatsiya sohasiga esa 9,9 foiz, kimyo sanoatiga — 2,2 foiz (1,7 foiz) sarmoya jalb etildi.

Yanvar-iyun oylarida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy miqdori 8,3 foizga o‘sib, 26,6 trln so‘mni (7,5 mlrd dollar ekvivalentida) tashkil etdi. Bunda investitsiyalar hajmining YAIMdagi hissasi 0,1 foizga o‘sdi va 25,9 foizni tashkil etdi.

2017 yilga mo‘ljallangan davlat investitsiya dasturiga muvofiq, O‘zbekiston yil oxiriga qadar 199 investitsion loyiha bo‘yicha 4,505 mlrd dollarlik hajmdagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishi lozim. Xususan, 79 ta loyiha bo‘yicha O‘zbekiston hukumati kafolati ostida 1,854 mlrd dollar o‘zlashtirilsa, 120 ta loyiha bo‘yicha 2,65 mlrd dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etilishi belgilangan.