7 avgust kuni o‘zbekistonlik ziyoratchilarning 459 nafardan iborat dastlabki guruhlari (2 nafar delegatsiya, 9 nafar ishchi guruhi, 6 nafar oshpaz, 2 nafar shifokor) Toshkent-Madina yo‘nalishi bo‘yicha Saudiya Arabistoniga kuzatildi, deb xabar berdi Vazirlar mahkamasi huzuridagi din ishlari bo‘yicha qo‘mita.

Joriy yilning 7−23 avgust kunlari o‘zbekistonlik 7350 nafar ziyoratchini «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Namangan-Madina, hamda Urganch-Madina yo‘nalishlarida haj safariga kuzatish tashkil etiladi.

Joriy yilning 28 avgust kuni hojilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 10 nafar ishchi guruhi a’zolari Saudiya Arabistoniga safarbar etilgan. Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshirilmoqda.

Ziyoratchilarga safar oldidan davlatimiz ramzlari aks ettirilgan maxsus kiyim (kamzul) va sumkalar, «Hajnoma» kitobchasi va videotasmalar taqdim etildi.

Barcha ziyoratchilar markazlashgan tibbiy punktlarida minengit va grippga qarshi zardob bilan emlandilar. Saudiya Arabistonida havo haroratining yuqori darajada bo‘lishi kuzatilayotganligini inobatga olib, shifokorlar guruhi tomonidan ziyoratchilarning salomatligini saqlash maqsadida eslatma va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Ziyoratchilar guruhlarga bo‘linib, tasdiqlangan reys jadvali asosida ularning uchish vaqtlari belgilandi hamda guruh rahbarlari va shifokorlar ishtirokida safaroldi uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida «Masjid an-Nabaviy"dan 100−150 metr uzoqlikda joylashgan «Javharat ar-Roshid», Makka shahrida esa Haramdan 5000 metr uzoqlikdagi to‘rt yulduzli «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan. Har bir xona muzlatgich, televizor hamda konditsionerlar bilan jixozlangan. 24 soat davomida zamonaviy avtobuslarda ziyoratchilarni Makka shahridagi xaram masjidiga tashish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik hojilar Madina shahrida 3 kecha — 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganlaridan so‘ng Makka shahriga yo‘l oladilar. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 35 nafardan iborat ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

Joriy yilning 8−24 sentyabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK samolyotlarida Jidda-Toshkent, Jidda-Buxoro, Jidda-Samarqand, Jidda-Qarshi, Jidda-Namangan, hamda Jidda-Urganch yo‘nalishlari bo‘yicha Vatanimizga olib kelish rejalashtirilgan.

Xabar berganimizdek, joriy yilda O‘zbekiston uchun haj safari kvotasi oshirildi, avval u 5200 kishini tashkil etgan edi. Prezident qarori bilan ziyoratichilar safiga 73 nafar 1941−45 urush yillari qatnashchilari qo‘shildi.