Toshkent shahar IIB 30 iyuldan jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar hamda favqulodda holatlarning oldini olish maqsadida «Tozalash-antiterror» tadbirini o‘tkazmoqda. Uning birinchi natijalari haqida IIBB saytida xabar berildi.

«Pasport-viza» tadbiri doirasida o‘tgan vaqt mobaynida ko‘p qavatli uylardagi 96864 va yakka tartibdagi 34380 ta xonadon, shuningdek 5452 ta korxona-tashkilotlar tekshirib chiqildi.

4479 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilgan bo‘lib, shulardan 4265 nafari — ro‘yxatdan o‘tmay yashayotganlar, 146 nafari — propiskasiz yashash uchun taqdim etilgan uy-joy egalari, 68 nafari — propiskasiz shaxslarga ish bergan shaxslar.

Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan 456 kishi profilaktika hisobiga kiritildi. Ko‘p qavatli uylar joylashgan dahalarga 86 ta videokuzatuv kameralari o‘rnatildi.

59 nafar shaxs IIBB Reabilitatsiya markaziga, 78 nafar o‘smir Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan bo‘lib, ulardan 21 nafari spirtli ichimlikka mukkasidan ketgan shaxslar, 14 nafari giyohvandlar va 21 nafarini tajovuzkor ruhiy xastalar tashkil etdi.