2017 yilning yanvar-iyun oylari yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning iqtisodiy faol aholisi soni 14,162 million kishi yoki umumiy aholining (32,345 million) 43,9 foizini tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar qildi.

Iqtisodiyotda band aholi soni 13,421 million kishini tashkil etib, 2016 yilning xuddi shu davriga nisbatan 1,7 foizga oshdi.

Yanvar-iyun oylarida iqtisodiy faol aholining bandligi 94,8 foizni tashkil etdi. nodavlat sektorda band bo‘lganlar ulushi 82,1 foizni tashkil etib, o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan 0,3 foizlik o‘sish qayd etildi.

Tashish va saqlash (3,3 foiz), qurilish (2,8 foiz), axborot va aloqa (2,6 foiz), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish (2,1 foiz) sohalarida bandlik sonining o‘sishi kuzatildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 27 foiz, sanoatda 13,6 foiz, savdoda 10,6 foiz, qurilishda 9,2 foiz va ta’limda 8,3 foiz bandlik ta’minlandi.

Kichik tadbirkorlikda bandlik ulushi iqtisodiyotdan band bo‘lganlarning jami sonidan 77,7 foizga yetdi.

Ish izlovchi sifatida mehnat bo‘yicha organlar hisobida turgan fuqarolar soni iyun oxirida 8300 nafarni tashkil etdi. Bu 2016 yilning xuddi shu davriga nisbatan 42,7 foiz ko‘p demakdir (5800 kishi).

Ishsizlar soni esa 741,4 ming kishini tashkil etdi.