Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 avgust kuni O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining samarasiz faoliyati natijasida qishloq va suv xo‘jaligini boshqarish sohasida hal etilmagan qator muammolarning saqlanib qolayotgani sohaning barqaror sur’atlarda va samarali rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qishloq xo‘jaligini boshqarish tizimi agrar sohada bozor munosabatlarini joriy etish va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tuzilmaviy qayta o‘zgartirishlarning zamonaviy talablariga javob bermaydi, deyiladi farmonda.

Zamonaviy resurs va suv tejovchi agrotexnologiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy etish, sohani modernizatsiya qilish va texnik ta’minlashga yetarlicha e’tibor qaratilmayapti, ta’lim, fan va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi integratsiyasi, agrar sektorga innovatsion ilmiy ishlanmalarni tatbiq etish darajasi pastligicha qolmoqda.

Suv xo‘jaligi boshqaruvi tizimidagi kamchiliklar, jumladan suv resurslaridan ratsional foydalanishda samarasizlik qayd etildi.

Agrar sektori infratuzilmalarining yetarlicha rivojlanmagani, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning fermer xo‘jaliklari bilan o‘zaro aloqasi samaradorligining pastligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining huquq va qonuniy manfaatlari buzilishi, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pasayishi va tariflarning oshib ketishiga olib kelgan.

Shu munosabat bilan Qishloq va suv xo‘jaligining yangi vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi. Jumladan, sohani kompleks modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan agrotexnik va suv xo‘jaligi siyosatini amalga oshirish, sohaga fan va texnika yutuqlari, zamonaviy resurs va suv tejovchi agrotexnologiyalar, ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni joriy etish vazifasi yuklatildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq aholisining bandlik darajasi va daromadlarini oshirish, ichki bozorda oziq-ovqat mahsulotlari narxini barqaror saqlashga qaratilgan kompleks maqsadli, sohaviy va hududiy dasturlar ishlab chiqiladi.

Suv resurslarini boshqarishning tamoyil va tizimlarini takomillashtirish, ulardan ehtiyotkorona va ratsional foydalanishni ta’minlash, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi ob’ektlari va gidrotexnik inshootlar rekonstruksiya va modernizatsiya qilinadi.

Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga xizmat qiluvchi infratuzilmalar ob’ektlari faoliyati bozor tamoyillari va mexanizmlari asosida tubdan takomillashtiriladi.

Quyisirdaryo, Quyiamudaryo va Zarafshon havzalari irrigatsiya tizimlarini boshqarish qayta tashkil etiladi.

Farmon bilan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmalar ob’ektlari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiquvchi komissiya tashkil etildi.