Hindistondagi yirik OTMlardan biri — Jamiya Milliya Islamiya universitetida o‘zbek tili va madaniyati xonasi ochildi, deb xabar qildi «Jahon» AA.

Xona xalq amaliy san’ati namunalari, O‘zbekistonning ko‘p asrlik ma’naviy-madaniy boyliklari va mamlakatning zamonaviy qiyofasini aks ettirgan fotosuratlar bilan bezatilgan.

Universitet talabalariga O‘zbekiston tarixi, madaniyati, urf-odat va an’analarini yaqindan o‘rganish imkonini beruvchi o‘zbek tilidagi kitoblar, risolalar, jurnallar va boshqa materiallar taqdim etilgan.

Universitetning o‘zbek tili o‘qituvchisi, professor Shahid Taslimning ta’kidlashicha, mazkur ta’lim muassasasi Hindistondagi o‘zbek tili o‘qitiladigan yagona oliygohdir. Uning ma’lumot berishicha, bu yil o‘zbek tili kurslarida o‘qish uchun 30ga yaqin talaba ro‘yxatdan o‘tgan.