O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvida hukumatga bir oy muddatda oilaviy marosimlarni tartibga solish, ularni ixcham, isrofgarchilik va dabdabaga yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazish bo‘yicha bir oy muddatda qaror loyihasini tayyorlash vazifasi topshirildi.

Davlat rahbari joylarda bo‘layotgan uchrashuv va muloqotlarda ko‘p marotaba mazkur sohani tartibga solish bo‘yicha iltimoslar bo‘layotgani, Virtual qabulxonaga yozilayotganini ma’lum qildi. Haqiqatan ham, ayni shu masala necha yillar, hatto asrlardan beri kun tartibidan tushmasdan keladi, dedi u.

«Mana, o‘zinglar ko‘ryapsizlar, soppa-sog‘ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib to‘satdan insult bo‘lyapti, infarkt bo‘lyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta to‘y qilaman, deb qarzga botgan bo‘ladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana to‘y qilishi kerak. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, to‘y-hashamlar bilan bog‘liq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.