O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda hukumatga bir oy muddatda pensiya yoshidagi ijodkorlarga gonorar to‘lash tartiblarini qayta ko‘rib chiqishni topshirdi. Amaldagi tartibga ko‘ra, pensiya yoshidagi ijodkorlar eng kam ish haqining 2 barobaridan ko‘p miqdorda qalam haqi olgan taqdirda, ularning pensiyasidan 50 foiz mablag‘ ushlab qolinadi.

«Bir vaqtlar uzoqni ko‘zlamagan ba’zi mansabdorlar tomonidan joriy etilgan bu tartib ayni ijodiy kamolotga yetgan ijodkorlarimizning rag‘batini so‘ndirishga xizmat qilayotgani sir emas», — dedi Prezident.

Davlat rahbari badiiy ijodkorlar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga to‘lanayotgan qalam haqi — gonorar miqdorini sezilarli darajada oshirishga doir qaror loyihasi ustida ham ish olib borilayotgani va u yaqin kunlarda qabul qilinishini ta’kidladi.

Toshkent va Nukus shaharlarida, barcha viloyatlar markazlarida imtiyozli kredit asosida «Ijodkorlar uylari» barpo etilib, bu uylardan adiblar, rassomlar, aktyor va rejissyorlar, kompozitorlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, ommaviy axborot vositalarining faol vakillariga, shu jumladan, iste’dodli yosh ijodkorlarga kvartiralar ajratiladi, dedi Prezident.