O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Taras Shevchenko ko‘chasidagi ilgari Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vazirligi (TIAISV, hozirgi — Tashqi savdo vazirligi) bo‘lgan tarixiy binoga joylashadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 avgustda ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda xabar qildi.

«Butun dunyoda madaniyat vazirliklari shu mamlakatning yuzi hisoblanib, eng go‘zal, eng salobatli binolarda faoliyat olib boradi. Afsuski, bizning vazirligimiz hozirgi vaqtda noqulay bir sharoitda, asosan rasmiy idoralar joylashgan binoda ish olib bormoqda. Bu esa madaniy jamoatchiligimiz, ijod ahlining vazirlikka bemalol, erkin kirib-chiqishiga, bu yerda turli ijodiy tadbirlar o‘tkazishga to‘sqinlik qilmoqda», — dedi Prezident.

TIAISV 1898 yilda Toshkent amaliy kolleji uchun qurilgan binodagi yangi joyga ko‘chgandan keyin «Asaka» banki joylashgan edi.