O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi har kuni ertalab 10:00 dan 11:00 ga qadar fuqarolar bilan deputatlarning onlayn muloqotini yo‘lga qo‘ydi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar qildi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri videomuloqot Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «UzLiDeP muloqotga chorlaydi» guruhida o‘tkazilmoqda.

3 avgust kuni bo‘lib o‘tgan ilk muloqotda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev bir soat davomida fuqarolarni qiziqtirayotgan savollarga javob qaytardi.

Xususan, fuqarolardan byudjet tashkilotlari xodimlari oyliklarining qachon oshirilishi, nomutaxassislarning ish bilan ta’minlanishi, yosh oilalarga arzon uy-joy, yer uchastkalarining ajratilishi, deputatlar bilan sayyor uchrashuvlar, oliy o‘quv yurtlarida sirtqi bo‘limlarning ochilishi kabi umumiy masalalar bilan bir qatorda fuqarolar o‘z shaxsiy murojaatlari bilan ham faol ishtirok etdi. Shu kabi savol va murojaatlar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik patalasi deputati vakolatidan kelib chiqqan holda javob qaytarib, ayrim murojaatlar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar, davlat hokimiyati organlariga deputatlik so‘rovlarini yuborishini ma’lum qildi.

Ertaga, 4 avgust kuni esa O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Abdurashid Abduqodirov bilan onlayn-muloqot bo‘lib o‘tadi.

Soat 10:00 dan 11:00 ga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan muloqotga fuqarolar, xususan tadbirkor, ishbilarmonlar va fermerlar matn, audio va video shaklidagi murojaatlarini yo‘llashlari mumkin.