O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inom Majidov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub yig‘ilishida oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihoni bilan bog‘liq savollarga izoh berdi.

Abituriyentlar va OTM vakillarining o‘zlari ham test savollarining murakkabligi va chalkash ekanini tanqid qilmoqda. Yaqindagina «O‘zbekiston» kanalida namoyish etilgan ko‘rsatuvda adabiyotshunos olim, professor Omonulla Madayev ayrim savollarni «farzandi yo‘q odamlar» tuzayotganini kinoya qilib aytib o‘tgandi.

Inom Majidov amaldagi tizimning takomillashmaganini tan oldi, biroq muammolar ular aniqlanishi bilan bartaraf etilishini ma’lum qildi.

«Haqiqatdan ham, test savollarini takomillashgan deb bo‘lmaydi. Biroq ular uzoq yillar davomida almashtirilmaydi, deyish ham noto‘g‘ri. Birinchidan, savollar bazasi har yili kengaytirilmoqda. Ikkinchidan, savollarning o‘zlari ham yaxshilanmoqda. Ushbu jarayonda ishtirok etuvchi o‘qituvchiekspertlar OTMgacha o‘quv dasturlari doirasiga kirmaydigan savollardan baza tashkil etadi», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil muqaddam barcha fanlar bo‘yicha «chalkash» test savollari tahlili o‘tkazilgan. «Test tuzuvchilardan tashqari, masala boshqa mutaxassis va ekspertlardan tarkib topgan komissiya tomonidan ham o‘rganildi. Ayrim savollarning izohga muhtoj ekani haqiqat, biroq bu juda kam qismni tashkil etadi. Ular yangilangan va o‘zgartirilgan», — deya ma’lum qildi oliy ta’lim vaziri.