O‘zbekiston erkin iqtisodiy zonalaridan biri hududida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘zbek-xitoy qo‘shma korxonasi tashkil etiladi. Xitoy tomonidan Shangdong Sanhe Toy kompaniyasi hamkorlik qiladi, deb xabar berdi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Mazkur loyihani amalga oshirish, shuningdek savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik masalalari Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Laziza Qudratova va Shangdong Sanhe Toy raisi Song Chjinyuan uchrashuvida muhokama qilindi.

Uchrashuvda Toshkentning Olmazor tumanida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish bo‘yicha texnopark tashkil etishni ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Shangdong Sanhe Toy 2005 yilda tashkil etilgan bo‘lib, AQSH, Kanada, Yevropa Ittifoqi davlatlari va boshqa mamlakatlarga yumshoq va elektrli o‘yinchoqlar yetkazib beradi.

Ma’lumot uchun: 2016 yilda O‘zbekistonga import qilingan o‘yinchoqlar hajmi 2,1 mln dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda bu ko‘rsatkich 29 foizga qisqardi. O‘zbek bozoriga asosan XXR — 2 mln dollar (94%), Rossiya — 43,3 ming dollar (2,1%) va Litva — 16 ming dollar (0,8%) miqdoridagi o‘yinchoqlarni yetkazib bergan.