O‘zbekistondagi pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilishda abituriyentlar bilan kirish test sinovlari bilan bir qatorda ularning kasbiy layoqatini aniqlash bo‘yicha ijodiy suhbat o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunday tartib bosqichma-bosqich joriy etiladi, deyiladi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 iyuldagi «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida.

Hududlarning pedagog kadrlarga bo‘lgan talabini qondirish uchun pedagogika ta’lim yo‘nalishlariga davlat grantlari asosidagi qabul kvotalari ulushini oshirish orqali maqsadli qabulni tashkil etish rejalashtirilmoqda.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida ta’lim muassasalarining boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha kadrlarni tayyorlashni yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning ijtimoiy nufuzini oshirish, jamiyatda pedagogik faoliyatning obro‘sini yuksaltirish, pedagoglarni yoshlarga namuna va o‘rnak darajasiga ko‘tarish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Turli tanlovlar va konkurslarda sovrindor bo‘lgan, o‘quvchi-talabalari respublika va xalqaro olimpiadalarda, tanlovlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan pedagoglarga uy-joy, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil, maishiy-xo‘jalik jihozlari sotib olishlari uchun imtiyozli ipoteka va iste’mol kreditlarini ajratish tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda.