O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavalludining 60 yilligi munosabati bilan qutlovlar, tabriknoma va maktublar yo‘llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, mamlakatdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, barcha vatandoshlarga samimiy minnatdorligini izhor etdi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Davlat rahbari o‘z sha’niga bildirilgan ezgu tabrik va tilaklarni, avvalambor, O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom, mamlakatning bugungi va ertangi kuniga bo‘lgan ishonch ifodasi sifatida qabul qilishini ta’kidlab o‘tdi.

«Fursatdan foydalanib, mehnatsevar, bag‘rikeng va olijanob xalqimizga yana bir bor chin qalbimdan farzandlik mehrimni bildiraman», — dedi Prezident.

U ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining baxtu saodati va farovonligi yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilish uchun bundan buyon ham bor kuch va g‘ayrati, bilim va tajribasini safarbar etishini ma’lum qildi.