O‘quv-metodik va moddiy-texnik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan, OTMlardan uzoqda joylashgan, shuningdek ta’lim sifati va OTMlarga bitiruvchilarning kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan akademik litseylar tugatiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 27 iyulda qabul qilingan «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Oliy ta’lim muassasalari tarkibida faqatgina bittadan yuqori ilmiy-pedagogik salohiyatga ega bo‘lgan akademik litseylar qoldiriladi.

O‘z faoliyatini davom ettiradigan akademik litseylarga umumta’lim maktablarni bitirgan, iste’dodli yoshlarni qabul qilish mexanizmlari 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab joriy etiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazi va Xalq ta’lim vazirligiga bir oy muddat ichida «akademik litseylarda ta’lim sifatini tubdan yaxshilash» va bitiruvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichini oshirish bo‘yicha takliflar tayyorlash yuklatildi.