O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni «Oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

Hujjatda YUNESKO va konsalting tashkiloti (DGP Research & Consulting) hamkorligida jalb qilingan nufuzli xorijiy ekspertlar guruhi tomonidan 2017 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston ta’lim tizimi kompleks o‘rganilgani xabar qilingan. O‘tkazilgan tahlillar natijalari asosida berilgan xulosalarda oliy ta’lim jarayonida nazariya va amaliyot yaxlitligi ta’minlanmaganligi, ta’lim sifatini nazorat qilish mexanizmi zamonaviy talablarga javob bermasligi, ta’lim muassasalarida malakali pedagog va boshqaruv kadrlarining yetishmasligi, xorijiy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik yetarlicha yo‘lga qo‘yilmaganligi kabi kamchiliklar qayd etilgan.

Hujjatda talabalarning malakaviy amaliyotlarini ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkazish samarali tashkil etilmagani oqibatida bitiruvchilarning aksariyat qismi tayyor mutaxassis bo‘lib chiqish o‘rniga, ishga joylashgandan keyin qaytadan o‘z kasbini, mutaxassisligini o‘rganayotganligi keltirib o‘tilgan.

Oliy ta’lim — ilm-fan — ishlab chiqarish o‘rtasida uzilishlar mavjud, integratsiya ta’minlanmagan. Ilmiy-tadqiqot institutlari oliy ta’limda kadrlar tayyorlash jarayoniga zarur darajada jalb etilmagan, ularda ilmiy izlanishlar iqtisodiyot sohalarining real ehtiyojlaridan kelib chiqmasdan amalga oshirilmoqda. Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarning tizimli tayyorlanmasligi oliy ta’lim muassasalari ilmiy salohiyatining pasayishiga olib kelmoqda.

Qaror bilan iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarini oliy ta’lim tizimidagi kadrlar tayyorlash jarayoniga keng jalb etish, ularning ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorligini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Bosh vazirning o‘rinbosarlari — kompleks rahbarlari, mutasaddi rahbarlar tarmoq(soha)lar bo‘yicha tegishligiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalariga biriktirilgan.

Ular zimmasiga kadrlar buyurtmachilari va oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash mazmuni, bitiruvchilarning bilim va ko‘nikmasiga qo‘yiladigan talablarni belgilovchi oliy ta’lim yo‘nalishlari malakaviy talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini soha ehtiyojidan kelib chiqib, yangidan ishlab chiqish va tasdiqlash kabi vazifalar yuklatilgan.

Bevosita ta’lim mazmunini shakllantirish bilan shug‘ullanadigan OTM profil kafedralarining professor-o‘qituvchilari uchun ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlarining mutaxassislar tayyorlash sifatiga bo‘lgan talablarini tomonidan tizimli o‘rganib borilishini tashkil etish maqsadida stajirovkalar joriy qilinadi.

Talabalarning 2-kursdan boshlab tegishli tarmoq (soha)ning muayyan tashkilotlari va korxonalarida malakaviy amaliyotlarini o‘tkazish tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.

Ishlab chiqarish, ilm-fan va ta’lim o‘rtasida integratsiyani chuqurlashtirish uchun komplekslar tarkibidagi vazirliklar va idoralarga qarashli tarmoqlar (sohalar)ni ilmiy-texnik rivojlantirish yo‘nalishlari muammolariga bag‘ishlangan mavzular bazasini shakllantirish hamda bu muammolarni oliy ta’lim muassasalari bilan xo‘jalik shartnomalari tuzgan holda hal etishga ularning ilmiy salohiyatini, ayniqsa, yosh olimlar va tadqiqotchilarni tizimli tarzda jalb etish belgilangan.

Iqtidorli yosh pedagoglar va doktorantlar yetakchi xorijiy ta’lim muassasalariga tajriba orttirishga yuboriladi. Ular uchun maxsus stipendiyalar ta’sis etiladi.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab har bir oliy ta’lim muassasasida barcha kurslarda kamida 2 ta guruhda mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish bosqichma-bosqich tashkil etiladi, ingliz tilida dars o‘tadigan professor-o‘qituvchilarni maqsadli tayyorlash, ularning xorijda tegishli tayyorgarlikdan o‘tishi tashkil etiladi, shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishga xorijiy mutaxassislar jalb qilinib, mashg‘ulotlarni rivojlangan davlatlar oliy ta’lim muassasalarida bugungi kunda foydalanilayotgan zamonaviy o‘quv adabiyotlari asosida o‘tilishi yo‘lga qo‘yiladi.

Istiqbolli ilmiy-pedagogik kadrlarni, birinchi navbatda, muhandislik-texnika va arxitektura ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalari pedagoglari rivojlangan davlatlar, xususan, Janubiy Koreya, Yaponiya va Germaniyada 2−3 oylik kurslarda malaka oshiradi.

Bundan tashqari, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab magistraturada kadrlar tayyorlash tizimi tanqidiy tahlil qilinib, magistratura ta’limi jarayonining barcha bosqichlarini takomillashtirish, ularni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish choralari ko‘riladi.

Doktorantlar, magistratura talabalarini korxona (muassasa)larning muammoli masalalariga bag‘ishlangan dissertatsiya mavzulari ustida ishlashini, shuningdek, tajriba-sinovlarni korxona (muassasa)larda o‘tkazish, amaliyotga tatbiq etilgan ishlar mualliflari bo‘lgan hamda ixtirochilik patentini qo‘lga kiritgan doktorant va magistrlarni o‘qituvchi lavozimi bo‘yicha oylik ish haqi miqdorining 10 barobarigacha korxona va tashkilotlar hisobidan moddiy rag‘batlantirish choralarini ko‘rish ko‘zda tutilgan.

Respublika oliy ta’lim muassasalarining har yilgi reytingini aniqlash bo‘yicha milliy tizimi takomillashtiriladi. Bunda asosiy ustuvor ko‘rsatkich sifatida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnat bozorida talabgorligi va professor-o‘qituvchilarining ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha tuzilgan shartnomalar asosida ishlab topilgan moliyaviy mablag‘larning salmog‘iga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, milliy reyting tizimida yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan oliy ta’lim muassasalariga o‘quv jarayonining alohida me’yoriy-huquqiy hujjatlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash vakolatini berish orqali akademik erkinlik bosqichma-bosqich joriy etiladi.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalari kafedralarining maqomini ko‘tarish, bunda ularning ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mas’uliyatini kuchaytirish, kafedra va professor-o‘qituvchilar tomonidan yuritiladigan turli statistik va boshqa hisobotlar sonini optimallashtirish orqali ularni tayyorlash jarayonlarini elektron formatga o‘tkazish choralarini ko‘rish belgilangan.

Ikki oy muddatda doktorantlarning ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishiga moddiy shart-sharoitlar yaratish maqsadida ularning stipendiyasining 50 foizigacha moddiy rag‘batlantirilishi ishlab chiqarish korxonalari va tashkilotlari hisobidan amalga oshirilishi, doktorantura bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlariga yo‘llanma asosida yuborilishi, ularning mehnat faoliyatini rag‘batlantirish uchun bazaviy doktoranturaning 2-kursidan imtiyozli ipoteka kreditini 25 yil muddatga ajratish mexanizmi joriy etilishini nazarda tutuvchi Hukumat qarori qabul qilinadi.

Qarorda har bir oliy ta’lim muassasasini 2030 yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish Konsepsiyasi va 2021 yilgacha biriktirilgan oliy ta’lim muassasalaridan kamida bittasining nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etilishini (reyting ro‘yxatida e’lon qilinishini) ta’minlash bo‘yicha aniq maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqish belgilandi.