O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni Toshkent viloyatida Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. OTMni qayta tashkil etish rejalari to‘g‘risida davlat rahbarining yaqindagina poytaxt viloyatiga tashrifida aytib o‘tilgan edi.

Hujjatda qayd etilishicha, institutning qaytadan ochilishidan maqsad hududning tarbiyachilar va ayniqsa aniq fanlar, xorijiy tillar o‘qituvchilariga bo‘lgan talabini qondirish, jahon standartlariga javob beruvchi pedagog kadrlarni tayyorlashdan iborat.

Institutda tarix, fizika-matematika, tabiiy fanlar, o‘zbek tili va adabiyoti, xorijiy tillar, jismoniy madaniyat, maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim, shuningdek pedagogika fakultetlari faoliyat ko‘rsatadi.

2017/2018 o‘quv yilida qabul kvotasi 750 kishi deb belgilandi. Ularning 515 nafari o‘zbek tilida, 235 nafari esa rus tilida ta’lim oladi (barchasi to‘lov-shartnoma asosida).