O‘zbekistonda valyutani liberallashtirish uchun xalqaro moliya institutlari kreditlarini jalb qilishga zaruriyat yo‘q. Bu haqda Xalqaro press-klub yig‘ilishida moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

U valyuta islohoti davrida inflyatsiyaning salbiy oqibatlariga qarshi yaqinda tashkil etilgan Ichki iste’mol bozorida narxlarni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi kurash olib borishini ma’lum qildi. Mazkur maqsadlar uchun unda 100 mln dollar jamg‘ariladi. Ushbu mablag‘lar yordamida davlat birlamchi ahamiyatga ega mahsulotlar narxini qo‘llab-quvvatlab turadi.

Mubin Mirzayev O‘zbekiston oltin zaxiralari 20 mlrd dollardan ziyod ekanini qayd etib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki yillik import uchun yetardi.