O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 iyul kuni mamlakatga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Nurettin Janiklini qabul qildi. O‘zA xabariga ko‘ra, uchrashuvda ikki mamlakat harbiy va harbiy-texnik hamkorligi istiqbollari muhokama etildi.

O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirliklari o‘rtasida amaliy hamkorlik o‘rnatish, jumladan, harbiy ta’lim sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga qabul uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Nurettin Janikli O‘zbekistonda Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish va mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi va Turkiya tomoni davlatlarimiz o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Nurettin Janiklining O‘zbekiston mudofaa vaziri Qobul Berdiyev bilan uchrashuvida O‘zbekiston va Turkiya Mudofaa vazirliklari harbiy-ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining tajriba va bilim almashishini mustahkamlash, harbiy-texnika sohasida ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolandi.

2018 yilda Turkiya harbiy-o‘quv yurtlari va markazlarining tayyorlov kurslarida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarini o‘qitishni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

«O‘zbekiston 24» telekanalining xabar qilishicha, bir oy muqaddam O‘zbekistonda zamonaviy namunadagi turk ixtisoslashgan avtomobil texnikasi sinovdan o‘tkazilgan edi. Hozirda uni mamlakatga yetkazib berish va uni O‘zbekiston hududida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqilmoqda.