O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aziz Abduhakimov 26 iyul kuni ishlash uchun Rossiyaga otlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Aprelda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Moskvaga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borishlari uchun tashkiliy ravishda jo‘natish to‘g‘risidagi kelishuv imzolangan edi.

O‘zbekiston mehnat migrantlari muammosiga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirib, ularning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ulkan hissa qo‘shayotganini tan olmoqda. O‘zbekiston hukumati ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishni rejalashtirgan, deya qayd etildi vazirlikda.

Rossiya ish beruvchilari tomonidan taklif etilayotgan haydovchilik, quruvchilik, ustachilik, tokarlik, tikuvchilik va boshqa mutaxassisliklar bo‘yicha fuqarolar tashkiliy ravishda yig‘ilmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi RF tashkilot va muassasalari bilan mehnat migrantlari muammolarini tezkorlik bilan hal etish, ular faoliyatini qonuniylashtirish hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun muzokaralar olib bormoqda.

Agentlikning Rossiya va Koreya Respublikasidagi vakolatxonalarini ochish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Samarqand va Farg‘onada mehnat migrantlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikdagi markazlar faoliyatini boshlaydi.