«O‘zbekko‘mir» va «Sharg‘unko‘mir» «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibiga kiritildi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 26 iyuldagi ko‘mir sohasi faoliyati samaradorligini oshirish va boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda «O‘zbekko‘mir"ning amaldagi boshqaruv tizimi va rahbariyati ko‘mir sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar va Dasturni [2017−2021 yillarda ko‘mir sanoatini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish] o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shuningdek respublika aholisini hamda ijtimoiy ob’ektlarni talab qilingan miqdor va sifatdagi ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlashda ko‘p sonli kamchiliklar yo‘l qo‘ygani va soha faoliyati ustidan shikoyatlarning ko‘payishiga olib kelgani qayd etib o‘tilgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ boshqaruv tuzilmasida sanoat ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari lavozimi ta’sis etildi.

Qaror bilan «Ko‘mir ta’minot» mahsulotlarini yetkazib berish va sotish bo‘yicha yagona korxonani tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar tasdiqlandi. «O‘zbekko‘mir» hududiy distribyutorlik markazlari unitar korxonalari uning filiallariga aylantiriladi.