O‘zbekiston OTMlari tuzilmasida ta’lim sifatini nazorat qiluvchi bo‘limlar tashkil etiladi. Bu haqda hukumatning 18 iyuldagi Vazirlar Mahkamasi qoshida ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘yicha Davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorida so‘z boradi.

Inspeksiya Prezidentning 20 apreldagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Davlat test markazining Kadrlar tayyorlash, pedagog kadrlar va ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish sifatini nazorat qilish bo‘yicha boshqarmasi bazasida tashkil etilgan edi.

Yangi bo‘limlar zimmasiga OTMlarni ichki attestatsiyadan o‘tkazish va ular natijalarini taqdim etish, shuningdek ta’lim sifatiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar to‘g‘risida OTM rektori va davinspeksiyaga xabar berish yuklatilgan.

Bo‘limlar xodimlari boshliq va ikki nafar bosh mutaxassisdan tarkib topib, davlat inspeksiyasi tomonidan tayinlanadi va vazifasidan ozod qilinadi.