O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 19 iyuldagi qarori bilan viloyatliklar, xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmaganlar uchun Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko‘chmas mulklarni sotish olish shartlari belgilab olindi, deb xabar qildi Norma.uz.

Yuqorida keltirib o‘tilgan shaxslar faqatgina qurilganiga uch yil to‘lmagan uylarni xarid qilish huquqiga ega bo‘lib, turar joylarning eng kam narxi va to‘lovlarni amalga oshirish shartlari aniq belgilandi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston fuqarolari eng kam oylik ish haqining 2500 baravari miqdorida narxlangan uylarni xarid qilish huquqiga ega bo‘ldi. Ular shartnomada ko‘rsatilgan summaning 5 foizi miqdorida notarial tasdiqlash uchun davlat boji ham to‘lashi lozim.

Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga boshqa davlatlardan kelib, vaqtincha yashash uchun ruxsatnoma olgan xorijliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar shartnoma imzolangan muddatda O‘zbekiston Markaziy banki kursi bo‘yicha eng kamida 150 ming dollar qiymatdagi uyni xorijiy valyutani O‘zbekistonning vakolatli banki orqali sotishdan olingan milliy valyutada xarid qilishi mumkin. Ular notarial tasdiqlash uchun shartnoma summasining 10 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lovni amalga oshirishi talab etiladi.

Yangi qurilgan ko‘chmas mulklarni sotib olish huquqi tuman (shahar) hokimi qarori asosida yuzaga keladi.

Ushbu xarid qilingan uylar uch yil muddatda sotilsa, savdo-sotiq, almashtirish va sovg‘a qilish shartnomalarini notarial tasdiqlash uchun davlat boji EKOIHning 400 baravari miqdorida bo‘ladi.

Ushbu shartlar asosida turar-joy xarid qilgan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskaga turish huquqiga da’vogarlik qilishi mumkin.