2017 yilning birinchi yarmi davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar 149 mingdan ziyod ishlarni ko‘rib chiqdi. Ularning umumiy sonidan 89,4 foizida sud qarorlari chiqarildi, chiqarilgan sud qarorlarining 88,1 foizida esa talablar qondirildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov «Gazeta.uz"ga xabar berdi.

Ko‘rsatilgan muddatda jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 40008 shaxsga nisbatan 30 mingdan ziyod jinoiy ishni ko‘rib chiqib, 88 nafar shaxsga nisbatan 66 ta ish bo‘yicha oqlov hukmini chiqardi.

Yarashtiruv instituti qo‘llanilishi natijasida 6993 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi (2016 yilning xuddi shu davrida — 6934 nafar shaxs).

Jinoiy qonunchilikning liberalizatsiya qilinishi munosabati bilan 290 mlrd so‘m miqdorida moddiy ziyon keltirgan 3406 kishiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralari qo‘llanildi. Bu 2016 yilning birinchi yarmiga nisbatan 15,6 foiz (2872 kishi) ko‘p demakdir.

Bundan tashqari, sudlar tomonidan 223793 kishiga nisbatan 189 mingdan ziyod ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. 2016 yilning birinchi yarmida jinoiy ishlar bo‘yicha sudlar tomonidan 197607 kishiga nisbatan 158 mingdan ortiq ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan edi.

Iqtisodiy sudlar tomonidan 186 mingdan ortiq ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, ularning umumiy sonidan 97,9 foizida sud qarorlari chiqarildi. Chiqarilgan sud qarorlari bo‘yicha 93,6 foiz talablar qondirildi.

2017 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 13 ming shikoyat ko‘rib chiqilib, 370 sud qarori o‘zgartirildi yoki bekor qilindi.

Hisobot davrida sudlar tomonidan 128 mingdan ziyod sayyor sud majlislari o‘tkazildi.