Shoazim Minovarov yaqindagina Vazirlar Mahkamasi qoshida tashkil etilgan Islom madaniyati markaziga direktor etib tayinlandi. Bu haqda «Jahon» AA xabar qildi.

Shoazim Minovarov Toshkent Fransuz alyansiga u tashkil etilgan 2015 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan edi.

«Jahon» AA uni tajribali diplomat va tarjimon sifatida e’tirof etdi. Shoazim Minovarov — frunsuz hukumatining «Xizmatlari uchun» kavaler ordeni bilan taqdirlangan birinchi O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Islom madaniyati markazi Prezidentning 23 iyundagi qarori bilan tashkil etildi. Norma.uz ma’lumotiga ko‘ra, islom dini doimiy ravishda barcha insonlarni, barcha xalqlar va elatlarni yorqin hayot, insonparvarlik, o‘zaro do‘stlik va insoniylikka chorlashini chuqur tahlil qilish, shuningdek islomning asl, insonparvarlik ahamiyatini o‘rganishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Markaz islom dini rivojiga ulkan hissasini qo‘shgan allomalar merosini o‘rganish bilan ham shug‘ullanadi.

Markaz ma’muriyati va asosiy binosi, jumladan kutubxona va muzey Toshkentda, Hastimom majmuasiga yondosh hududda barpo etiladi.