18−20 iyul kunlari Berlinda moliya va texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya hukumatlararo muzokaralar hamda savdo va investitsiyalar bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasiga Davlat investitsiya qo‘mitasi raisi Azim Ahmadxo‘jayev rahbarlik qildi. Germaniya tomonidan Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi boshqarma boshlig‘i Gizel Xammershmidt hamda Iqtisodiyot va energetika federal vazirligi departament direktori Egxart Frans ishtirok etdi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha sog‘liqni saqlash va barqaror iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bayonnoma imzolandi. Germaniya 2018 yil so‘ngiga qadar 12,3 mln yevro taqdim etadigan bo‘ldi.

Tomonlar «Markaziy Osiyoda kasbiy ta’lim» mintaqaviy dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro tushunish to‘g‘risidagi memorandumni ham imzolashdi.