Pokistonga ishlash maqsadida borgan va odam savdosining qurboniga aylangan ikki nafar o‘zbekistonlik ayol 20 iyul kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining Lahor-Toshkent reysi bilan vatanga qaytarildi.

Ular yaqindagina voqea joyidan qochib, O‘zbekistonning Islomoboddagi elchixonasiga murojaat qilishga muvaffaq bo‘ldi, deb xabar qildi O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

Pokiston Ichki ishlar vazirligi va Tergov bo‘yicha federal byurosi ko‘magida kirish va chiqish qoidalarini buzganliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilmasdan vatanga qaytishlari bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi.

O‘zbekiston TIV Konsullik boshqarmasi fuqarolarni chet elga chiqishdan oldin xorijiy davlatning tegishli qonunchiligini e’tibor bilan o‘rganishga hamda qat’iyan qonun doirasida harakat qilgan holda ish qidirishga va ogoh bo‘lishga chaqirdi.