14−23 iyul kunlari Londonda bo‘lib o‘tgan yengil atletika bo‘yicha paralimpiya jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi yettita medalni qo‘lga kiritdi va Jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi, deb xabar qildi «Gazeta.uz"ga Milliy paralimpiya assotsiatsiyasi.

Musobaqaning so‘nggi kunida o‘zbekistonlik sportchilar jamoaga ikkita kumush medal taqdim etdi. Ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish sport turidan Sofiya Burxonova 14.76 m natija bilan «kumush» sohibasiga aylandi. Birinchi o‘rinni italiyalik Assunta Lenyante (15,82 m), uchinchi o‘rinni esa Meksikadan Rebeka Alvares (13,05 m) egalladi. Avvalroq Sofiya Burxonova disk otishda (38,17 m) kumush medalni qo‘lga kiritgan.

Erkaklar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha Husniddin Norbekov 14,87 m natija bilan jahon vitse-chempioniga aylandi. Eng yaxshi natijani litvalik Mindaugas Bilyus (16,26 m) ko‘rsatgan bo‘lsa, yana bir Litva vakili Donatas Dundzis (13,13 m) bronza medalini qo‘lga kiritdi.

10 kun davom etgan «London-2017» Jahon Chempionatida O‘zbekiston uchta oltin va to‘rtta kumush medalni qo‘lga kiritib, 66 ta jamoa o‘rtasida 19-o‘rinni egalladi. Nayza otish bo‘yicha Aleksandr Svechnikov yangi jahon rekordini o‘rnatgan bo‘lsa, uzunlikka sakrash bo‘yicha Doniyor Soliyev Osiyodagi eng yaxshi natijani yangiladi.

Musobaqa doirasida 1050 nafar paralimpiyachi 213 to‘plam medal uchun kurashdi.