Xalqaro valyuta jamg‘armasining (XVJ) Albert Yeger boshchiligidagi missiyasi 17−24 iyul kunlari iqtisodiyotni rivojlantirish va rasmiy organlar ishlab chiqqan rejalarni muhokama qilish uchun Toshkentga tashrif buyurgan edi.

«Missiya Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan 2017—2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga asosan rasmiy organlarning iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha kompleks rejalarini ijobiy qabul qildi, — deyiladi missiya bayonotida. — Mazkur rejalarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishi iqtisodiyotning sifatli ish o‘rinlarini tashkil etish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga bo‘lgan salohiyatini sezilarli darajada oshiradi».

«Missiya rasmiy organlarning valyuta tizimini isloh qilish bo‘yicha rejalarini alohida tasdiq bilan qabul qildi», — deya qayd etiladi bayonotda.

XVJ ekspertlari fikricha, valyuta kurslarini bir xillashtirish va valyuta resurslarini bozor tamoyillari asosida taqsimlash uchun imkoniyatlar yaratish O‘zbekiston Markaziy bankiga barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash va inflyatsiyani samarali boshqarishga yo‘naltirilgan pul-kredit siyosatini olib borishiga zamin yaratadi.

«Mazkur islohot tashqi raqobatbardoshlikni oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va ichki resurslarni taqsimlashni takomillashtirish hisobiga ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy rivojlanishga ham xizmat qiladi. O‘zbekistonning katta miqdordagi valyuta zaxiralari mazkur islohotni ishonch bilan amalga oshirishga imkon beradi», — deyiladi bayonotda.

JVJ O‘zbekiston hukumati tomonidan ishlab chiqilgan islohot rejalarini qo‘llab-quvvatlash uchun iqtisodiy siyosat bo‘yicha tavsiyalarni taqdim etish va qo‘shimcha texnik ko‘mak ko‘rsatishga tayyor.

«Islohotlarni pul massasi va kreditlar hajmining tez sur’atlarda o‘sishi keltirib chiqaradigan inflyatsion bosim ostida amalga oshirishga to‘g‘ri keladi. Bunda missiya yaqindagina MBning pul-kredit siyosatida talabchanlikni kuchaytirgani, jumladan qayta moliyalash stavkasini 9 foizdan 14 fozga oshirganini ijobiy baholaydi», — deyiladi JVJ missiyasi bayonotida.

XVJ missiyasi hukumatning iqtisodiy statistika sifati va shaffofligini oshirish bo‘yicha qat’iy harakatlarini ham ijobiy baholadi. 2018 yildan boshlab inflyatsiya sur’atlarini o‘lchash uchun yangi iste’mol narxlari indeksidan foydalanish mazkur muhim statistik ko‘rsatkich sifatini oshirishga yordam beradi, deb hisoblaydi XVJ.

Missiya O‘zbekistonning XVJ kengaytirilgan ma’lumotlarni tarqatish bo‘yicha umumiy tizimiga (r-OSRD) qo‘shilish rejasini ijobiy qarshi oldi.