19 sentyabr kuni ICTEXPO 2017 ko‘rgazmasi ochilishida «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazma majmuasi pavilonlari ustidan havo shari ko‘tariladi.

«Gazeta.uz"ga ma’lum bo‘lishicha, joriy yil boshida tashkil etilgan Aeronavtika federatsiyasi Milliy bank kredit mablag‘lari hisobidan birinchi uchish uskunasini xarid qildi. Rossiyaning «Rusbal» korxonasida ishlab chiqarilgan havo shari shu hafta oxirida Toshkentga yetib kelishi kerak.

Havo shari avgustda Chorvoq suv omborida sinovdan o‘tkaziladi. Alpinist va sayohatchi Samat Xoshimov havo sharini boshqaradi. Hozirda u Rossiyada havoda suzuvchi apparatlar uchuvchilari kursida o‘qimoqda. Kelgusida Xoshimov o‘zbekistonlik havo suzuvchilariga saboq beradi.

Yangi havo sharining hajmi besh qavatli uy kattaligida bo‘lib, uning savatiga to‘rt yo‘lovchi va uchuvchi joylashadi. Unda Chimyon tog‘larida sayr qilish mumkin.