O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev dushanba kuni 60 yoshni qarshi oldi. Erta tongdan ijtimoiy tarmoqlarda tabriklar e’lon qilinmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati — o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.

Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.

1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatdi.

1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlandi. 1996−2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001−2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishladi.

Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995−2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham faoliyat olib bordi.

Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlandi va ushbu lavozimga yana uch marta — 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlandi.

8 sentyabr kuni O‘zbekiston Prezidentining vazifa va vakolatlarini bajarish vaqtincha Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev zimmasiga yuklandi.

4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylandi. 2016 yil 14 dekabrda rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishdi.

Biografiya Prezidentning rasmiy сайтиданолинди.