O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha davlat qo‘mitasi Toshkent viloyatining Pskent va O‘rtachirchiq tumanlarida Ohangaron daryosi o‘zanida qum-shag‘al materiallarini noqonuniy qazib olish holatlarini aniqlash bo‘yicha reyd o‘tkazdi.

Qo‘mita matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, ayrim «tadbirkor fuqarolar o‘zanni tozalash va qirg‘oqlarni mustahkamlash bahonasi bilan bunday faoliyatni olib bormoqda». Ushbu ishlarning zarur ko‘nikma va ruxsatnomalarsiz amalga oshirilishi daryo tubining pasayishi va suvlar holatini xavf ostiga qoldirishi mumkin. Natijada tutash hududlarning botqoqlanishi va qirg‘oqlarning yemirilishi boshlanadi.

Reyd jarayonida inspektorlar noqonuniy qazib olish ishlarining ustidan chiqishdi. Qonunbuzarlar ishlarini tezda yakunlab, yashirinishga urinishdi, biroq buni uddasidan chiqa olishmadi. To‘rt kishi — ekskvator haydovchisi va uchta yuk mashinasi haydovchisi — jarimaga tortildi.